O‘zbekiston agrovoltaikaga — quyosh panellari va qishloq xo‘jaligini birlashtiruvchi tizimga katta e’tibor qaratmoqda. Bu texnologiya nafaqat energetika, balki mamlakatning agrar iqtisodiyotini ham o‘zgartirishi kutilmoqda. Lekin shudgor va quyosh panelini birlashtirish g‘oyasi qayerdan kelib chiqqan va qanday qilib barqaror rivojlanish strategiyasiga aylangan?
G‘oyaning ildizlari: Germaniya, 1981-yil
Agrovoltaika tarixi 1980-yillarning boshiga borib taqaladi. 1981-yilda nemis fizigi Adolf Getsberger, Fraunhofer Quyosh Energetikasi Instituti (Fraunhofer ISE) asoschisi, hamkasbi Armin Zastrow bilan birga ramziy nomlangan maqolani chop etdi: «Kartoffeln unter dem Kollektor» («Kollektor ostidagi kartoshka»).
Olimlar oddiy, ammo inqilobiy g‘oya taklif qilgan edilar. Unga ko’ra, bir xil yer maydonidan ham qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda, shuningdek quyosh panellarini o‘rnatish uchun foydalanish mumkin edi. Ular shuni isbotladilarki, to‘g‘ri joylashtirilganda panellar elektr energiyasini ishlab chiqaradi, o‘simliklar esa o‘sishda davom etadi— ya’ni bir yerdan ikki xil “hosil” olinadi.
Ilmiy qiziqishga qaramay, dastlabki o‘n yilliklarda texnologiya eksperimental darajada qolib ketdi, chunki quyosh panellari juda qimmat edi. Faqat 2000-yillar boshida agrovoltaika rivojlana boshladi (manba: IEA-PVPS, Xalqaro Quyosh Energetikasi Agentligi).
2004-yilda yapon muhandisi Akira Nagasima ilk namoyish qurilmalarini barpo etdi. Uning konstruktsiyalarini ekinlar almashinuvi asosida yechib olish yoki ko‘chirish mumkin edi. 2011-yilda Fukusima avariyasidan so‘ng agrovoltaika yana katta e’tibor qozondi: u energiya mustaqilligi va barqaror qishloq xo‘jaligi yo‘li sifatida ko‘rila boshlandi.
Yaponiyada 2018-yilga kelib, 54 gektar maydonda 35 MVt quvvatli agrovoltaik stansiyasi ishga tushdi. U yerda panellar ostida jenshen va kinza yetishtirildi.
Yevropada (Fransiya, Germaniya, Italiya) uzumzorlar va bog‘larda faol tajribalar o‘tkazildi, bunda panellar o‘simliklarni do‘l va issiqdan himoya qiladi.
AQShda agrovoltaika beda, kartoshka va rezavor ekinlarda qo‘llanilmoqda.
Xitoy va Hindistonda panellar ostida choy, guruch va sabzavotlar yetishtiriladi, loyihalar sug‘orish tizimlari bilan uyg‘unlashtirilmoqda (manba: greendealflow.com).
Bugun bu texnologiyaga oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash vositasi sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston uchun agrovoltaika — shunchaki trend emas, balki strategik zarurat.
2024-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev agrovoltaikani mamlakatning olti hududida joriy etish bo’yich topshiriq berdi. Potensial 10 GVt deb baholanmoqda — bu butun bir hududning iste’moliga teng (manba: YUZ.UZ «Yangi O‘zbekiston»).
Bu maqsad “O’zbekiston-2030” milliy strategiyasiga uyg‘un bo’lib, unga ko’ra 2030-yilga kelib, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika ulushini 40 foizga yetkazish va umumiy quvvati 18 GVt bo‘lgan quyosh va shamol stansiyalarini qurishni rejalashtirmoqda (manba: UZ DAILY).
Mazkur strategiyaning amaldagi tasdig‘i sifatida yangi loyiha VOLTALIA kompaniyasining (aksiyadorlik kapitali) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Bu loyiha Toshkent viloyatida, Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bazasida amalga oshiriladi.
Umumiy loyiha maydoni — 1,5 gektar. AGRISOLARPLOV nomli Agri-PV qurilishi doirasida 819 ta quyosh paneli o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Panellar 1,0 gektar yer maydonida joylashtiriladi.
Kutilayotgan yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi — 876 MVt·soatgacha.
«AGRISOLARPLOV» ish vaqti — yiliga 365 kun. Qurilish muddati — 6 oydan oshmaydi va stansiya 2026-yil fevralida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Agrovoltaikani an’anaviy qishloq xo‘jaligiga integratsiya qilish fermerlardan yangi agrotexnik usullarga moslashishni va qo‘shimcha bilimlarni talab qiladi, ammo afzalliklari yetarlicha:
• oziq-ovqat va energetika xavfsizligini oshirish,
• qishloq aholisi uchun yangi daromad manbalari,
• suv resurslariga tushadigan yukni kamaytirish,
• iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga hissa qo‘shish.
Agrovoltaika tarixi — «kollektor ostidagi kartoshka» metaforasidan boshlangan edi, bugun esa bu g‘oya O‘zbekistonda haqiqatga aylanmoqda.
NBT Group ushbu loyihaning bir qismi bo‘lishdan mamnun va agrovoltaikaning O‘zbekistonda rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotganidan faxrlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul kuni NBT Group Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bilan hamkorlikda navbatdagi jamoatchilik tinglovini o‘tkazdi. Tadbir doirasida Toshkent tumanida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yirik loyiha muhokama qilindi.
Jamoatchilik tinglovining to‘liq matnini bizning rasmiy Facebook va LinkedIn sahifalarimizdan topishingiz mumkin.
Agrovoltaika — bu kelajak, unda hosil va energiya birgalikda o‘sadi.